Dunyodagi o‘zbek boylari haqida bilasizmi?
Alisher USMONOV
Rossiyalik tadbirkor, milliarder, “USM Holdings” kompaniyasi asoschisi Alisher Usmonov 1953 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. «Forbes» jurnalining ruscha versiyasiga ko‘ra, Rossiyadagi eng boy ishbilarmonlardan biri, »Sunday Times» reytingiga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning eng boy odamlaridan biri, Amerikaning “Bloomberg Markets” jurnalida dunyodagi eng nufuzli ishbilarmonlardan biri deb e’lon qilgan, 2020 yil oxirida Rossiyaning eng yaxshi 10 ta tadbirkorlari ro‘yxatiga kiritilgan milliarder Alisher Usmonov dunyodagi xayriya ishlari bilan keng shug‘ullanadigan boylardan hisoblanadi. 2021 yil yanvar holatiga ko‘ra uning boyligi 16,4 milliard dollarni tashkil etgan.
A.Usmonov ilk biznesini 1980 yilda yelimqoplar ishlab chiqaradigan “Agroplast” kooperativiga asos solish bilan boshladi.
Bugun u juda ko‘p aktivlarga egalik qiladi. Ular ichida Rossiyadagi eng yirik temir rudasi ishlab chiqaruvchi “Metallinvest xolding” kompaniyasi, Rossiyadagi eng katta mobil aloqa kompaniyasi hisoblangan “Megafon”, Angliyaning “Arsenal” futbol komandasi bor. Milliarder shu bilan birga ko‘plab internet-kompaniyalari, xususan “Facebook”, “VKontakte”, “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmoqlari, hamda “mail.ru” elektron pochtasi servisida ham o‘z ulushiga ega.
Iskandar MAHMUDOV
Asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik milliarder Iskandar Mahmudovga Rossiya fuqaroligi guvohnomasini prezident Vladimir Putin topshirgan.
1963 yilda Buxoroda tug‘ilgan Iskandar Mahmudov Ural tog‘-metallurgiya shirkati asoschisi va prezidenti hisoblanadi.
«Forbes» jurnalining ruscha versiyasiga ko‘ra, 2018 yilda umumiy boyligi 7,3 milliard dollarni tashkil etgan Iskandar Mahmudov nashrning mazkur yilgi reytingida Rossiyaning eng boy tadbirkorlari ro‘yxatida 16 o‘rinni egalladi. 2020 yil holatiga ko‘ra, milliarderning boyligi 8,27 milliard dollarni tashkil etgan.
Iskandar Mahmudov Toshkent Davlat Universitetining sharqshunoslik bo‘limini tamomlagan va Yaqin Sharq davlatlarida harbiy tarjimon bo‘lib ishlagan.
1990-yillar boshida Rossiyaga ketib, toshkentlik mashhur aka-uka Chernoylar bilan alyuminiy biznesida hamkorlik qilgani aytiladi.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Mahmudov oxirgi 10 yilda Rossiyada xayriya maqsadlariga 1 milliard dollar mablag‘ sarflagan.
Milliarder biznes karyerasini 1980 yilda yirik paxta kompaniyasi “Uzbekingtorge”dagi faoliyati bilan boshlagan. 1996 yilda Orenburg viloyatidagi Tog‘-kon kombinatining bosh direktori etib tayinlandi. 1998 yilda Ural tog‘-metallurgiya kompaniyasiga asos soldi. Ayni paytda u Rossiyada ishlab chiqarilayotgan mis (rangli metall)ning teng yarmiga egalik qiladi.
Fattoh SHODIYEV
Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Belgiya fuqarosi Fattoh Shodiyev 1953 yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan. Markaziy Osiyoning yetakchi ishbilarmonlardan biri bo‘lgan Fattoh Shodiyev ko‘plab Qozog‘iston va xalqaro kompaniyalar egasi hisoblanadi.
1976 yilda u Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining (MGIMO) xalqaro huquq fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatdi. Keyinchalik u Rossiya TIV Diplomatik Akademiyasida siyosiy fanlar bo‘yicha doktorlik dissertasiyasini himoya qildi va siyosiy fanlar doktori ilmiy darajasini oldi.
Fattoh Shodiyev sheriklik asosida tashkil etilgan tog‘-kon sanoati, qayta ishlash, energetika, logistika va marketing sohalari bo‘yicha integrasiyalashgan korxonalarga ega tabiiy resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha yetakchi guruhlardan sanaluvchi “ENRC” (Eurasian Natural Resources Corporation) shirkati, Bolqon yarim oroli, Zambiya va Janubiy Afrikada ferronikel, mis hamda kobalt qazib olish bo‘yicha aktivlarni birlashtirgan “IMR” (International Mineral Resources) kon metallurgiya shirkati, “Evroosiyo banki” AJ va “Evroosiyo” sug‘urta kompaniyasi, “Evroosiyo sanoat kompaniyasi” egalaridan hisoblanadi.
1996 yilda tashkil etilgan “Xalqaro Shodiyev fondi” ning faoliyati Yevroosiyoda akademik yutuqlarni, ijodkorlikni va innovasiyalarni targ‘ib qilishga hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya va Ukrainada xayriya yordamini ko‘rsatishga qaratilgan.
2019 yil holatiga ko‘ra milliarderning boyligi 2,1 milliard dollarni tashkil etgan.
Muxtorali IBRAGIMOV
Muxtorali Ibragimov Toshkent viloyatidagi oddiy o‘zbek dehqoni oilasida tug‘ilib o‘sgan. Rossiyaning Kaliningrad shahriga harbiy xizmatni o‘tash uchun kelgan, keyinchalik shu yerda yashab qolib Rossiya fuqaroligini olgan Muxtorali biznesdagi ilk faoliyatini kichik hajmdagi mebellar yasash bilan boshlagan.
Otasining “Yalangayoq” degan laqabi bo‘lgan milliarder Kaliningraddagi “Maksik” fabrikasiga asos solgan. Korxonada yasalgan mebellar Rossiya, Yevropa, Osiyo mamlakatlari bozorida xaridorgir hisoblanadi.
Alijon IBRAGIMOV
Aleksandr Mashkevich va Fattoh Shodiyevdan iborat SSSR oligarxlari uchligi a’zosi hisoblangan Alijon Ibragimov 1954 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan.
Graf nomi bilan tanilgan o‘zbekistonlik millioner Alijon Ibragimov Qozog‘iston, Belgiya fuqaroligini olgan. U “ENRC” (Eurasian Natural Resources Corporation) shirkati egalaridan biri, Yevroosiyo banki prezidenti hisoblanadi.
2020 yil holatiga ko‘ra, millionerning aktivlari qiymati 900 million dollarni tashkil etib, «Forbes» jurnalining ruscha versiyasiga ko‘ra Qozog‘iston boylari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni egallagan.
Alijon Ibragimov 2021 yilning 3 fevral kuni Belgiyada vafot etdi.
A’zam ASLANOV
Indoneziyaning rangli metall rudalarini qazib olishga ixtisoslashgan “Trans Asia Resources” kompaniyasi prezidenti A’zam Aslanov O‘zbekistonda tug‘ilgan. Aslanovlar oilasi qariyb 15 yildan ortiq vaqtdan buyon O‘zbekistonda yashamaydi.
O‘zbekistonda “neft magnat”laridan biri deb tan olingan milliarderning faoliyati aslida aynan neft bilan bog‘liq emas. Umuman olganda, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan ushbu boy va uning oilasi haqidagi ma’lumotlar omma e’tiboridan berkitilgan. A’zam Aslanovning o‘g‘li Omonning ijtimoiy tarmoqdarda tarqalgan nikoh oqshomi dabdabasi butun MDH davlatlarida o‘tkazilgan eng qimmat to‘ylardan bo‘lib, ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. To‘y dabdabasi uchun Ukrainaning Qrimdagi “Ayvazov” pansionati hududida Samarqand shahri majmuasi andozasi yaratilgan. Marosimni o‘tkazilishi uchun sarflangan mablag‘ 10-15 million dollar deb qayd etgan “Segodnya” nashri, ushbu marosimni “Yilning eng qimmat nikoh to‘yi” deb atagan.
A’zam Aslanov 2019 yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini takomillashtirish uchun 300 million dollar investisiya jalb qilishini ma’lum qilgan edi.
Ulug‘bek MAKSUMOV
Ulug‘bek Maksumov 1979 yil Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. 2001 yilda Farg‘ona davlat universitetining ingliz tili filologiyasi fakultetini tamomlagan Ulug‘bek O‘zbekistonning prokuratura organlarida tergovchi lavozimida ishlagan. 2006 yil BAAning Dubay shahriga ko‘chib kelib, bu yerdagi o‘z biznesini logistika sohasidagi faoliyat bilan boshlagan.
2008 yilda Ras-al-Hayma amirligida “Inkas Group DMCC” kompaniyasiga asos soldi. Kompaniya tarkibidagi “Gulf Auto Trading FZE” hashamatli avtomobillarni sotishga ixtisoslashgan edi.
2012 yilda kompaniya harbiy va zirhli transport vositalarini ishlab chiqaradigan «Inkas Vehicles» MCHJga o‘zgartirildi. Korxona o‘z yo‘nalishi bo‘yicha Dubaydagi eng yirik zavod hisoblanadi. Ayni paytda mazkur korxona tomonidan yiliga o‘rtacha 800 ta zirhli harbiy avtomobil tayyorlanmoqda.
Vikipediya ma’lumotlariga ko‘ra, Dubaydagi eng boy o‘zbeklardan bo‘lgan Ulug‘bek Maksumovning umumiy boyligi 100 million dollarni tashkil etadi.
Aziz AHMEDOV
Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sgan Aziz Ahmedov ikki xil mutaxassislik muhandislik va huquqshunoslik bo‘yicha oliy ma’lumotga ega. Ilk biznesini Toshkentda boshlagan bo‘lajak millioner poytaxtdagi do‘konlar tarmoqlaridan biriga egalik qilgan.
2011 yilda BAAning Dubay shahriga ko‘chib kelgan Azizga shahardagi “Astarta FZC” yirik un zavodi qurilishi va ishga tushirilishiga rahbarlik qilish taklifi bildirildi. Hozirda Aziz Ahmedov yillik aylanmasi 25 million dollar bo‘lgan ushbu yirik un korxonasida bosh direktor bo‘lib ishlaydi.
Shoira HASANOVA
Kanadadagi millioner o‘zbek ayoli Shoira Hasanova 1969 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1993 yilda Samarqandda davlat universitetining rus filologiya fakultetini tamomlagan. Ilk kasbiy faoliyatini tarjimonlikdan boshlagan Shoira 1993 yilda BAA ga ko‘chib o‘tib o‘z kasbiy faoliyatini davom ettirdi. U Gonkongda sheriklik asosida tashkil etilgan zargarlik shirkatlaridan birining sohibasi hisoblanadi. Hozirda u oilasi bilan Kanadada yashaydi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan Payariq tumanida yuzlab ish o‘rinlari yaratgan. Chelak shahridagi bozor qurilishiga katta yordam bergan. Tumandagi yirik savdo majmuasining egasi.